Kichik sanoat zonalari(KSZ)ni barpo etishning tashkiliy asoslari, mexanizmlari, ular hududida tadbirkorlik subyektlarini samarali joylashtirish yo‘llari va KSZlarining iqtisodiy samaradorligini baholash masalalari qaraladi.

Xozirgi vaqtda kichik biznesni rivojlantirish va uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning samarali yo‘llaridan biri bo‘lib kichik sanoat zonalari hisoblanadi(KSZ).

Kichik sanoat zonalari – bu tadbirkorlik subyektlarini joylashtirishga mo‘ljallangan, muhandislik-kommunikatsiya va infratuzilma obyektlarini, maʼlum yer maydoni yoki ishlab chiqarish maydonini o‘z ichiga oluvchi xudud. Kichik sanoat zonalari ular joylashgan xududlarni rivojlantirishga katta imkoniyatlar yaratadi.

Xususan, sanoat ishlab chiqarishni jadallashtiradi, hududlarni tadbirkorlik uchun investitsion jozibadorligini oshiradi, yangi investitsiya va yangi texnologiyalarni jalb qilishga, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishga va ularni rivojlanishiga keng imkoniyatlar ochib beradi, jamiyat uchun o‘lik yuk bo‘lib yotgan bo‘sh maydonlardan real iqtisodiy sektorni rivojlantirish orqali ulardan samarali foydalanishga, aholi uchun ish joylarini yaratishga, hamda yangi raqobatbardoshli mahsulot ishlab chiqarishga olib keladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2014 yil 3 iyuldagi PQ-2200 sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Zarar ko‘rib ishlayotgan, iqtisodiy nochor va past rentabelli tashkilotlarning foydalanilmayotgan hududlarini hamda ortiqcha ishlab chiqarish maydonlarini yana-da maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2014 yil 15 iyundagi 192-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 31 dekabrdagi “Kichik sanoat zonalarini barpo etish va ularning faoliyatini tashkil qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 378-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom Respublikamiz hududlarida kichik sanoat zonalarini barpo etish va rivojlantirishga huquqiy zamin yaratdi desak bo‘ladi.